Bugungi kunda yurtimizdagi davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul natijalari ham e’lon qilindi va abiturientlarning aksariyati esa kontrakt asosida o‘qishga kirgani aniqlandi.
Quyida sizlarga ta’lim krediti haqida ma’lumot beriladi.
Ta’lim krediti ta’lim olish uchun imtiyozli kredit hisoblanadi va bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 18.08.2021 yildagi “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 527-son qaroriga muvofiq beriladi.
Ta’lim kreditining maqsadi to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan har bir talabaga bilim olish uchun qulay sharoitlar yaratish, yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan intilishlarini yanada rag‘batlantirish va yoshlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Bunda ta’lim krediti O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida va qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha bakalavr hamda magistraturaning kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ajratiladi. Shuningdek, kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki boshqa uchinchi shaxslar ta'lim krediti shartnomasida birgalikda kredit oluvchi sifatida qatnashishlari mumkin.
“Super kontrakt”ni to‘lash uchun ta’lim krediti ajratilmaydi.
Ta’lim krediti yillik 14 foizdan (Xotin-qizlarga foizsiz) ajratiladi, kreditning asosiy qarzini kredit oluvchi tomonidan ta’lim tashkilotida ta’limning tegishli turi bo‘yicha rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.
Ta’lim krediti olish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi.
- ariza
- mijoz shaxsini tasdiqlovchi hujjat
- kredit qaytarilish ta’minoti
- ta’lim muassasasi bilan tuzilgan shartnoma.
Bunda kredit qaytarilish ta’minoti sifatida mol-mulk va qimmatli qog‘ozlar garovi, uchinchi shaxs kafilligi yoki kredit qaytmaslik xatari sug‘urta polislaridan faqat bittasi talab etiladi. Ammo, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning farzandlariga ajratiladigan ta’lim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi.
Shuni yodda tutish lozimki, talaba kreditning asosiy qarzi va (yoki) foizini 180 kundan ko‘p muddat to‘lamay yursa, bank qarzdorlikni garov yoki kafil hisobidan undiradi.
S.Abrayev,
Surxondaryo viloyat yuridik texnikumi
direktorining yoshlar bilan ishlash
bo‘yicha o‘rinbosari
Surxondaryo viloyati yuridik texnikumi o'qishga taklif etadi