O'zbekiston saylov qonunchiligi ilg'or demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirildi

  • 25 Sep
  • 2024

O'zbekiston saylov qonunchiligi ilg'or demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlarining vakolat muddati 2024-yilda tugashini inobatga olib, saylovlar joriy yilning 27-oktyabrida o'tkazilishi va saylov kampaniyasi 26-iyuldan boshlanishi haqida O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, O'zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi, ya'ni majoritar-proporsional tizim asosida o'tkaziladi. Deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, ya'ni saylovchilar o'zlariga maqbul nomzodlarga ovoz berishi yo'li bilan, qolgan 75 nafari esa, proporsional tizim bo'yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishadi.

Saylov qonunchiligi ilg'or demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirildi. Jumladan, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etildi, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko'rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo'lishi belgilandi. Bundan tashqari, deputatlikka nomzod saylanishi uchun saylovchilarning nisbiy ko'pchiligi ovozini olishi belgilandi. Unga ko'ra, nomzod tegishli saylov okrugida boshqa nomzodlarga nisbatan ko'proq ovoz to'plagan taqdirda deputat bo'lib saylanishi mumkin bo'ladi va shu orqali takroriy ovoz berishni tashkil etish talab etilmaydi.

Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 12 tadan 18 taga ko'paytirildi. Parlamentning ijro etuvchi, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kengaytirildi. Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilishi bekor qilindi. Davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida avval hokimlar vakolatida bo'lgan 33 ta vakolatlar mahalliy Kengashlarga o'tkazildi.

Markaziy saylov komissiyasi xolis va mustaqil konstitutsiyaviy organ sifatida bo'lajak saylovga tayyorgarlik ko'rish va o'tkazish bilan bog'liq barcha tadbirlarni milliy qonunchilik, xalqaro saylov standartlariga to'la muvofiq holda ochiq va oshkora o'tkazilishini ta'minlash bo'yicha barcha choralarni ko'radi.

                                             Oʻquv ishlari boʻyicha direktorning birinchi oʻrinbosari    Komiljon Boltayev