Saylov va referendum o‘tkazish tartibi yanada takomillashtirildi

  • 16 Sep
  • 2024

Saylov va referendum o‘tkazish tartibi yanada takomillashtirildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qabul qilinib, Senat tomonidan maʼqullangan, 18 bob, 103 moddadan iborat Saylov kodeksi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024-yil 25-iyunda imzolandi va kuchga kiritildi. Bunda, avvalo, saylovga oid mavjud bir qator qonunlar va qonunosti hujjatlari yaxlit hujjatga jamlandi. Pirovardida esa qonun normalari bilan saylov jarayonlarida fuqarolarning saylov huquqlariga soʻzsiz rioya etilishi, saylovchilarga erkin ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoit yaratish, deputatlikka, Prezidentlikka nomzod koʻrsatadigan siyosiy partiyalar va nomzodlarga saylov kampaniyasi davomida teng sharoit yaratish imkoniyati yanada mustahkamlandi.

Saylov kodeksi kuchga kiritilishi munosabati bilan 30 ga yaqin qonun hamda qonunlarga keyin­chalik kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar, shuningdek, qonunosti hujjatlari oʻz kuchini yoʻqotdi. “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy saylov komissiyasi toʻgʻrisida”, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir. Aytish joizki, ularning barchasida fuqarolarning saylov huquqlariga doir deyarli bir xil normalar takrorlanardi. Saylovga oid qonunlar koʻpligi ularni qoʻllashda muayyan qiyinchiliklar tugʻdirganligi ham oʻz-oʻzidan tushunarli.