Saylov huquqi butun dunyoda e’tirof etilgan eng muhim konstitutsiyaviy-siyosiy huquqlardan biri bo’lib, u fuqarolarga davlat hokimiyati organlariga o’z vakillarini saylash imkoniyatini beradi. Fuqarolarning o’z huquqlarini hech to’sqinliklarsiz amalga oshirishlari ularning davlat boshqarvidagi ishtirokining eng muhim kafolatlaridan biridir.
Saylov huquqining manbalari- Konstitutsiya va saylov qonunchiligi hujjatlari hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 15-bobi Mahalliy kengashlarga saylovning o’ziga xos xususiyatlariga bag’ishlangan.
Konstitutsiyamizning 128-moddasiga muvofiq Qonunchilik palatasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.
Bu yilgi Qonunchilik palatasi saylovlari ilk marta majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida o‘tkaziladi. Ma’lumot uchun aytish joizki, majoritar-eng ko’p ovoz to’plagan nomzod saylovda g’olib deb topiladigan tizim bo’lib, proporsional tizim esa-har bir partiya olgan o’rinlar soni unga berilgan ovozlar soniga mutanosib bo’lgan tizim hisoblanadi.
Bunda, Qonunchilik palatasi deputatlarining yarmi hozirgi tartib bo‘yicha saylansa, qolgan yarmi siyosiy partiyalarning ro‘yxatlari asosida saylanadi. Yaʼni, fuqarolar 75 ta o‘rin bo‘yicha aniq bir nomzodni saylasa, qolgan 75 tasi bo‘yicha siyosiy partiyaga ovoz beradi.
Bu tizimda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga bo‘linadi. Parlament quyi palatasi deputatlarining 75 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha majoritar tizim (nomzod uchun ovoz berish), qolgan 75 nafari proporsional tizim bo‘yicha, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida (partiya ro‘yxati asosida) saylanadi.
Partiya ro‘yxati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinganidan keyin, ushbu ro‘yxatga kiritilganlar deputatlikka nomzod maqomini oladi va ularga guvohnoma beriladi. Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi.
Partiya ro‘yxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning a’zolari yoki partiyasiz bo‘lishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning a’zolari ushbu ro‘yxatga kiritilishi mumkin emas, deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi.
Ayollarning soni bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, shuningdek, partiya ro‘yxati asosida siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida 40 foizini tashkil etishi kerak. Bunda partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har 5 nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi lozim.
Shuningdek, yagona saylov okrugi bo‘yicha saylanadigan Qonunchilik palatasining deputatlik o‘rinlari ushbu saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining yetti va undan ko‘proq foizini to‘plagan siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlanadi. Agar saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining yetti va undan ko‘proq foizini faqat bitta siyosiy partiya to‘plagan bo‘lsa, unda deputatlik o‘rinlari saylovda saylovchilarning eng ko‘p ovozini to‘plagan ikkinchi siyosiy partiyaga ham taqsimlanadi.
Markaziy saylov komissiyasining tegishli qaroriga ko’ra navbatdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga deputatlar saylovi 27-oktyabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tishi belgilandi.
Hammamizga ma’lumki, saylov jarayonida har qaysi fuqaroning xilma-xil fikrlari,orzu -umidlari namoyon bo’ladi. Shunday ekan har birimiz mamlakat fuqarosi sifatida davlat boshqaruvidagi ishtirokimizni taʼminlovchi siyosiy huquqimizdan unumli foydalanaylik, mamlakatimiz kelajagiga befarq bo‘lmaylik.
Siz ham aziz, o’quvchim, saylovlarda o‘z ovozingiz bilan ishtirok eting! Zero, bu Sizning Bosh qomusimizda aks etgan siyosiy huquqingizdir.
Axborot resurs markazi direktori G.Shermatova
Surxondaryo viloyati yuridik texnikumi o'qishga taklif etadi