O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yil 16-yanvar kuni imzolangan Qonun (O‘RQ–897-son) bilan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Endilikda fuqarolar o‘zining huquq va manfaatlarini buzayotgan mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan ma’muriy sudlarga murojaat qilganda davlat boji to‘lamaydi.
Ya’ni, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, jismoniy shaxslar o‘z huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzayotgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.
Ammo, mazkur shaxslarning talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji shu shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi.
Bunday holatlarda fuqarolardan berilgan arizalar bo‘yicha undiriladigan davlat boji bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi etib belgilandi (ilgari bu ko‘rsatgich bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida edi).
Mazkur Qonun 2024-yil 17-yanvar kunidan e’tiboran kuchga kirdi.
S.Abrayev,
Surxondaryo viloyati yuridik texnikumi
direktorining yoshlar bilan ishlash
bo‘yicha o‘rinbosari
Surxondaryo viloyati yuridik texnikumi o'qishga taklif etadi