Xalqimizning erkin va farovonligini, qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston—2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-158-son Farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon bilan “O‘zbekiston—2030” strategiyasi tasdiqlangan bo‘lib, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish; aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish; aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish; xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish; mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash asosiy g‘oyalar etib aks ettirilgan.
Farmon bilan “O‘zbekiston—2030” strategiyasi va uni bajarish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ijrosi, tegishli maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi va ular doirasida normativ-huquqiy hujjatlar o‘z vaqtida ishlab chiqilishi ustidan nazoratni Adliya vazirligi Hisob palatasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati bilan birgalikda amalga oshirishi belgilangan.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida ushbu organ va idoralar tomonidan “O‘zbekiston—2030” strategiyasi va uni tegishli yillarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar bajarilishi tizimli monitoring qilinib, uning natijalarini har oyda Respublika komissiyasiga kiritib boriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari o‘z hududlarida “O‘zbekiston—2030” strategiyasi ijrosining tegishli yillarda hududlar kesimida amalga oshirilishi bo‘yicha har chorakda nazorat tadbirlarini o‘tkazadi.
Vazirlar Mahkamasi har oyda “O‘zbekiston—2030” strategiyasi amalga oshirilishini Bosh vazir o‘rinbosarlari huzurida tanqidiy ko‘rib chiqishni ta’minlaydi, har chorakda Hukumat majlislarida muhokama qilib boradi hamda o‘z vaqtida va to‘liq bajarilmagan tadbirlar yuzasidan Hukumat a’zolariga, shu jumladan vazirlarga nisbatan tegishli choralar ko‘radi hamda har yarim yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga “O‘zbekiston—2030” strategiyasi amalga oshirilishi yuzasidan hisobot taqdim qiladi.
5 ta bo‘lim, 100 ta banddan iborat bo‘lgan “O‘zbekiston—2030” strategiyasida ta’lim tizimi islohotlariga ham katta e’tibor berilgan.
Jumladan, o‘rta ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish uchun 700 ga yaqin nomdagi yangi darsliklar, mashq daftarlari, pedagoglar uchun metodik qo‘llanmalar va mobil ilovalar yaratish, yangi avlod darsliklari asosida planshetlar uchun 1 000 ta multimedia dasturlarini yaratish, ta’lim tashkilotlariga har yili 500 nafar “til egalari” bo‘lgan xorijiy mutaxassislarni jalb etish, barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kasb-hunarlarga o‘rgatish kurslarini joriy etish, Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarning ta’lim metodikasini barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quv jarayonlariga joriy qilish belgilangan.
Professional ta’lim tizimini rivojlantirish orqali o‘quvchilarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga o‘rgatish uchun 700 ta professional ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va moddiy-texnika bazasini takomillashtirish, 14 ta hududiy professional tayyorgarlik markazlarini tashkil etish, malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagog kadrlar ulushini 50 foizga, masofaviy yoki aralash shakllarda tashkil etiladigan malaka oshirish kurslari ulushini 30 foizga yetkazish, o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlashda davlat grantini axborot texnologiyalari, qurilish, transport va logistika yo‘nalishlarida 100 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Mazkur farmon professional ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan har bir mutaxassisga o‘z ustida ko‘proq ishlash hamda zamonaviy, bugungi kun talablariga javob bera oladigan mutaxassislarni tayyorlash borasidagi o‘z salohiyatlarini oshirishni talab etadi.
Zero, har bir islohotning samarasi aholi, ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlodning talab va ehtiyojini qondirishga xizmat qilishi zarur hisoblanadi.
B.K.Gaffarov
Surxondaryo viloyati yuridik
texnikumi direktori
Surxondaryo viloyati yuridik texnikumi o'qishga taklif etadi