Mutolaa__o‘zlikni anglash muolajasidir.

  • 30 Oct
  • 2024

Mutolaa__o‘zlikni anglash muolajasidir.

Odamning ulug’vorligi uning bo’yi bilan o’lchanmaganidek, xalqning ulug’ligi ham, uning soni bilan o’lchanmaydi, yagona o’lchov-uning aqliy kamoloti va axloqiy barkamolligidir ,deydi nemis shoiri V.Gyugo.

Farzand tarbiyasidagi eng asosiy omillardan biri bu kitob mutolaasidir. “Kitob”, “kitobxonlik”, “kutubxona” so`zlarining o`zagi aslida arabchadan olingan va bir maqsadga, ya`ni inson ma`naviyatini boyitishga xizmat qiladi. Kishining madaniyati uning kitobida aks etadi. Kitobxonlik oiladagi muhitga ham bog‘liq. Ma’rifatli oilalarda kitobga e’tibor farzandlar tarbiyasida qo‘l keladi. Inson o‘zining fikrlash qobiliyati, ma’naviyat dunyosi bilan tirik. Odamni boshqa mavjudotlardan ajratib turuvchi omillardan biri ham uning ma’naviyati hisoblanadi.

Yurtimizda yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun amalga oshirilayotgan islohotlar ham bejizga emas, binobarin, kelajak avlodning kamoloti ilm olish, bilimli bo’lish bilan belgilanadi. Bu borada, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yilning 12 yanvar kuni “Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan” farmoyish e’lon qildi. Bu esa o’z navbatida, yurtimizda kitobxonlik saviyasi oshishiga, yangidan-yangi sermazmun kitoblar chop etilishiga omil bo’luvchi muhim odimdir. Ana shunday imkoniyatlardan oqilona foydalanib, yangidan-yangi nashrdan chiqayotgan sermazmun asarlarni o’qib borish yoshlarning ongi o’sishi, tafakkuri teranlashib, o’zining mustaqil fikriga ega bo’lishiga imkon beradi. Yana shuni alohida e`tirof etish kerakki, prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbus bugungi kunda yoshlarni yanada qo`llab quvvatlovchi muhim omil bo`ldi. “Yoshlar ma`naviyatini yuksaltirish,ular o`rtasida kitobxonlikni keng targ`ib qilish bo`yicha tizimli ishlarni tashkil etish” muhim dasturiamal bo`lmoqda. Darhaqiqat, kitob juda ko`plab sir - sinoatlarga boydir. Uning boyliklari hech ado bo`lmaydi. Kitob insonga qanot bag’ishlaydi.

Kitob – bebaho boylik ekanini bot-bot takrorlaymiz. Birorta san’at turini televidenie va radio, zamonaviy kompyuterlar imkoniyati va afzalliklarini inkor qilmagan holda aytish mumkinki, bularning hech biri kitob o‘rnini bosa olmaydi. Ayniqsa, badiiy kitoblar har bir kishida insoniy fazilatlarini kuchaytiradi, dunyoqarashini kengaytiradi.

Xulosa o`rnida shuni aytish mumkinki, kitob eng yaqin do’stlardan biridir. Biz savollarga kitoblar orqali javoblar topamiz, kitoblar fikrlash uchun eng muhim ozuqadir. Kitoblar eng yaxshi intellektual dam olishga va tasavvurlar parvoziga taklif qiladi. Ernest Xemingueyning ta’biri bilan aytganda: Yaxshi kitob ayzbergga o’xshaydi, yeti-sakkiztasi suv ostida yashaydi. Kitob — insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, aql qayrog‘i va bilim manbaidir. Kitob fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai bo‘lgani uchun ham xalqimiz uni nonday aziz, mo‘tabar va mukaddas deb hisoblagan. Shuning uchun kitobga muhabbat, uni qadrlash, o‘qishga ishtiyoq xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.

      Mutolaa — o‘zlikni anglash muolajasidir. Bu jarayon to‘xtovsiz davom etsagina kutilgan natijasi berishi mumkin.                                                                         

   Surxondaryo viloyati yuridik texnikumi

  ARM rahbari Shermatova Go'zal Abdusattarovna